“ACWA Power” kompaniyasi Qoraqalpog’iston Respublikasida shamol elektr stantsiyasini qurish DXSH loyihasi bo’yicha tender g’olibi deb topildi

Joriy yilning 30 sentyabr kuni Qoraqalpogʼiston Respublikasining Qoraoʼzak va Beruniy tumanlarida davlat-xususiy sheriklik tamoyili asosidagi 100 MVt quvvatga ega shamol elektr stantsiyasini qurish loyihasi boʼyicha idoralararo tender komissiyasi tomonidan “ACWA Power” (Saudiya Arabistoni) kompaniyasi xalqaro tender gʼolibi deb tasdiqlandi.

2021 yil 16 sentyabr kuni talabgorlarning tender takliflari solingan konvertlarni ochish marosimi bo’lib o’tdi. Tender g’olibi deb topilgan “ACWA Power” kompaniyasi ishlab chiqariladigan 1 kVt*s elektr energiya uchun 2,5695 AQSh tsentiga teng tarifni taklif qilgan.

“Masdar” (BAA) kompaniyasi esa ishlab chiqariladigan 1 kVt*s elektr energiya uchun 2,6550 AQSh tsentiga teng tarifi bilan ushbu tenderning zaxiradagi gʼolibi deb topildi.

Mazkur loyihaga 70ga yaqin xorijiy kompaniya tenderda ishtirok etish qiziqishini bildirgan. Salohiyatli investorlarni aniqlash boʼyicha oʼtkazilgan tanlovda Xitoy, Janubiy Koreya, Yaponiya, Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari, Turkiya, Rossiya, Singapur, Chexiya va Frantsiyadan 16 ta kompaniya ishtirok etib, ulardan 12 tasi tanlovning birinchi bosqichidan muvaffaqiyatli oʼtgan.

Tenderning yakuniy bosqichida Birlashgan Arab Amirliklarining “Abu Dhabi Future Energy company PJSC” (Masdar) (BAA) kompaniyasi, “ACWA Power” (Saudiya Arabistoni) va “Voltalia” (Frantsiya) kompaniyasi oʼzaro raqobatlashgan.

Investitsiyaviy majburiyatlarga muvofiq, shamol elektr stantsiyasi 2023 yilning oʼrtalariga kelib ishga tushiriladi. Elektr stantsiyasining ishga tushirilishi yiliga 400 million kVt/s ekologik toza elektr energiyasi ishlab chiqarishni taʼminlaydi hamda Qoraqalpogʼiston Respublikasining Qoraoʼzaq va Beruniy tumanlari hududida joylashadi.

Ushbu davlat-xususiy sheriklik loyihasi Oʼzbekiston Hukumatining muqobil elektr energiya manbalarini joriy yetish orqali mamlakat energetika balansini diversifikatsiya qilishga qaratilgan dasturining bir qismidir. Uning amalga oshirilishi mamlakatning umumiy energiya balansida qayta tiklanadigan manbalardan hosil boʼladigan elektr energiyasi ulushini 25 foizga yetkazish maqsadiga erishishga xizmat qiladi hamda 110 mingga yaqin xonadonga elektr energiyasi yetkazib berish, atmosferaga chiqariladigan uglerod chiqindilarini yiliga 157 ming tonnaga kamaytirish va qurilish davrida mingdan ortiq yangi ish oʼrni yaratishga imkon beradi.

You may also like...

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Font Resize