Moliya vazirligi va “Veolia Energy Tashkent” o‘rtasida davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash bitimi imzolandi

29.09.2021. Toshkentda davom etayotgan “O‘zbekiston iqtisodiy forumi” doirasida Moliya vazirligi va “Veolia Energy Tashkent” o‘rtasida davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash bitimi imzolandi.

Avval xabar qilganimizdek, (https://pppda.uz/3429) Toshkent shahrida issiqlik ta’minoti tizimini tubdan yaxshilash, aholini issiqlik energiyasi bilan uzluksiz va sifatli ta’minlash, sohaga xorijiy investitsiyalar va zamonaviy texnologiyalarni keng jalb qilish, shuningdek, issiqlik ta’minoti tizimini boshqarishda samarali va ilg‘or tajribalarni joriy etish maqsadida, 2021 yil 22 sentyabr kuni  Vazirlar Mahkamasining “Toshkent shahri issiqlik ta’minoti tizimini davlat-xususiy sheriklik asosida rivojlantirish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Mazkur xujjat bilan  Toshkent shahar issiqlik ta’minotini davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida Frantsiyaning “Veolia” (Xususiy sherik) kompaniyasiga 30 yil muddatga boshqaruvga berildi.

– Dastlabki 2 yilda “Veolia”ga pilot loyiha sifatida Bektemir va Sergeli tumanlaridagi 118 ta ko‘p qavatli uy va 43 ta ijtimoiy soha ob’ektining issiqlik tizimlari modernizatsiya qilinadi (yopiq tizimga o‘tkaziladi).

Pilot loyiha doirasida “Veolia” (Xususiy sherik) kompaniyasining 15 mln evro investitsiyasi hisobiga 13,5 mingta issiqlik va 153 mingta issiq suv o‘lchagichlarini o‘rnatish, 142 ta avtotransport, 451 ta texnika va 1 ta mobil qozonxonani xarid qilish, 1 142 ta issiqlik stantsiyasini o‘rnatish va rekonstruktsiya qilish, 22,3 gkal/s quvvatli lokal qozonlarni modernizatsiya qilish, 53,4 km issiqlik tarmoqlarini rekonstruktsiya qilish ko‘zda tutilmoqda.

Loyiha amal qilish davrida Xususiy sherik tomonidan jami 181 ta inshoot va qozonxonani modernizatsiya qilish, 575,6 km issiqlik tarmoqlarini qurish, 841,1 km tarmoqlarni rekonstruktsiya qilish, 51,5 ming dona issiqlik va 2 464,6 ming dona issiq suv o‘lchagichlarni o‘rnatish, shuningdek, 391 ta maxsus texnika (avtomashinalar) xarid qilinadi.

Mazkur ishlarni moliyalashtirishga Xususiy sherik tomonidan 362 mln evro (shundan, 20 mln evro to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya, 342 mln evro loyihadan olinadigan foydasi hisobidan) va 982 mln evro iste’molchilardan olinadigan to‘lov mablag‘lari hisobidan jalb qilinadi.

Tariflarning keskin oshib ketishini oldini olish maqsadida aholiga pasaytirilgan tariflarni qo‘llash va ko‘riladigan zararlarni qoplash uchun Toshkent shahar byudjetidan 2021-2027 yillarda 8,4 trln so‘m subsidiya ajratiladi.

Loyihadan oladigan sof foydaning tan narxiga nisbatan 10 foizini Xususiy sherikka, undan oshgan qismini esa Toshkent shahar hokimligi qoshida tashkil qilinadigan Jamg‘armaga yo‘naltiriladi. Jamg‘armaga shuningdek davlat subsidiyalari va iste’molchilardan olinadigan to‘lovlarning kapital ta’mirlash uchun ajratiladigan qismi ham yo‘naltiriladi.

– Pilot loyihasining ijrosi (KPI) yuzasidan Osiyo taraqqiyot bankining tavsiyasiga hamda texnik auditorning hisobotiga ko‘ra bitim 2 yildan keyin qayta ko‘rib chiqiladi.

Osiyo taraqqiyot banki dastlabki 3 yilda loyihani amalga oshirish va monitoring qilish bo‘yicha maslahatchi sifatida ko‘maklashadi va xizmatlar Osiyo taraqqiyot bankining grant mablag‘lari hisobiga bajariladi.

– “Toshissiqquvvati” DUKga tegishli bo‘lgan barcha mol-mulkni Xususiy sherikka egalik qilish va vaqtinchalik foydalanishga bepul beriladi.

– Toshkent shahar hokimligiga mazkur bitimni 18 yildan keyin ixtiyoriy ravishda bir tomonlama bekor qilish huquqi beriladi.

– “Toshissiqquvvati” DUKning 2021 yil 1 sentyabr holatiga Davlat byudjeti va maqsadli jamg‘armalari, shuningdek, tabiiy gaz, elektr energiyasi, issiqlik energiyasi va suv resurslarini etkazib beruvchilar oldidagi muddati o‘tgan kreditor qarzdorliklari 5 yilga kechiktiriladi.

“Toshissiqquvvati” DUKning 2021 yil 1 sentyabr holatiga ko‘ra kreditor qarzdorligi 2 trln so‘mdan oshadi.

5 yillik kechiktirish muddati tugagandan so‘ng “Veolia” kompaniyasiga kreditor qarzdorliklarni kelgusi 10 yilda bo‘lib-bo‘lib to‘lash majburiyati yuklanadi.

– Loyiha ijrosini monitoring qilish uchun Toshkent shahar hokimligida mavjud shtatlar doirasida 4 ta xodimdan iborat davlat-xususiy sheriklik bo‘limi tashkil qilinadi.

“Veolia” kompaniyasi tomonidan Loyiha amalga oshirilishi natijasida issiqlik ta’minoti samaradorligi 50 foizga oshadi hamda issiqlik yo‘qotilishi 44 foizdan 20 foizga pasaytiriladi, yillik tabiiy gaz sarfi 45 foizga, elektr energiyasi sarfi 25 foizga, ichimlik suv sarfi 40 foizga tejaladi.

Shuningdek, loyiha davri mobaynida jami 9,2 mlrd m3 tabiiy gaz, 3,1 mlrd kVt elektr energiyasi va 1,1 mlrd m3 ichimlik suvi tejalib, jami 13,6 trln so‘mlik xarajatlar iqtisod qilinishiga erishiladi.

You may also like...

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Font Resize