Qaror: Toshkent shahri issiqlik taʼminoti tizimini davlat-xususiy sheriklik asosida rivojlantiriladi

Toshkent shahrida issiqlik taʼminoti tizimini tubdan yaxshilash, aholini issiqlik energiyasi bilan uzluksiz va sifatli taʼminlash, sohaga xorijiy investitsiyalar va zamonaviy texnologiyalarni keng jalb qilish, shuningdek, issiqlik taʼminoti tizimini boshqarishda samarali va ilgʼor tajribalarni joriy etish maqsadida Vazirlar Mahkamasining “Toshkent shahri issiqlik taʼminoti tizimini davlat-xususiy sheriklik asosida rivojlantirish toʼgʼrisida”gi qarori qabul qilindi.

Mazkur xujjat Moliya vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʼallikni qisqartirish vazirligi, Uy-joy kommunal xizmat koʼrsatish vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Energetika vazirligi, Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi hamda Toshkent shahar hokimligining 10 dan ziyod mutaxassislari ishtirokida ishlab chiqildi.

Аyni kunda Toshkentda 447 ming isteʼmolchiga (434 mingta jismoniy va 13 mingta yuridik shaxs) issiqlik taʼminoti yetkazilib, mavjud 2 692 km tarqatish tarmoqlarining 72 foizi, 200 ta lokal qozonxonaning 89 foizi, 3 ta markaziy qozonxonaning barchasi eskirgan.

Shulardan kelib chiqib, qarorga binoan:

– Toshkent shahar issiqlik taʼminotini davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida “Veolia” (Xususiy sherik) kompaniyasiga 30 yil muddatga boshqaruvga beriladi.

– Dastlabki 2 yilda “Veolia”ga pilot loyiha sifatida Bektemir va Sergeli tumanlaridagi 118 ta koʼp qavatli uy va 43 ta ijtimoiy soha obyektining issiqlik tizimlari modernizatsiya qilinadi (yopiq tizimga oʼtkaziladi).

Pilot loyiha doirasida jami 15 mln yevro investitsiya hisobiga 13,5 mingta issiqlik va 153 mingta issiq suv oʼlchagichlarini oʼrnatish, 142 ta avtotransport, 451 ta texnika va 1 ta mobil qozonxonani xarid qilish,

1 142 ta issiqlik stantsiyasini oʼrnatish va rekonstruktsiya qilish, 22,3 gkal/s quvvatli lokal qozonlarni modernizatsiya qilish, 53,4 km issiqlik tarmoqlarini rekonstruktsiya qilish koʼzda tutilmoqda.

– Pilot loyihasining ijrosi (KPI) yuzasidan Osiyo taraqqiyot bankining tavsiyasiga hamda texnik auditorning hisobotiga koʼra bitim 2 yildan keyin qayta koʼrib chiqiladi.

Osiyo taraqqiyot banki dastlabki 3 yilda loyihani amalga oshirish va monitoring qilish boʼyicha maslahatchi sifatida koʼmaklashadi va xizmatlar Osiyo taraqqiyot bankining grant mablagʼlari hisobiga bajariladi.

– “Toshissiqquvvati” DUKga tegishli boʼlgan barcha mol-mulkni Xususiy sherikka egalik qilish va vaqtinchalik foydalanishga bepul beriladi.

– Toshkent shahar hokimligiga mazkur bitimni 18 yildan keyin ixtiyoriy ravishda bir tomonlama bekor qilish huquqi beriladi.

– Loyiha amal qilish davrida (30 yil) Xususiy sherik tomonidan jami 181 ta inshoot va qozonxonani modernizatsiya qilish, 575,6 km issiqlik tarmoqlarini qurish, 841,1 km tarmoqlarni rekonstruktsiya qilish, 51,5 ming dona issiqlik va 2 464,6 ming dona issiq suv oʼlchagichlarni oʼrnatish, shuningdek, 391 ta maxsus texnika (avtomashinalar) xarid qilinadi.

– Mazkur ishlarni moliyalashtirishga Xususiy sherik tomonidan 362 mln yevro (shundan, 20 mln yevro toʼgʼridan-toʼgʼri investitsiya, 342 mln yevro loyihadan olinadigan foydasi hisobidan) va 982 mln yevro isteʼmolchilardan olinadigan toʼlov mablagʼlari hisobidan jalb qilinadi.

– Loyihadan oladigan sof foydaning tan narxiga nisbatan 10 foizini Xususiy sherikka, undan oshgan qismini esa Toshkent shahar hokimligi qoshida tashkil qilinadigan Jamgʼarmaga yoʼnaltiriladi. Jamgʼarmaga shuningdek davlat subsidiyalari va isteʼmolchilardan olinadigan toʼlovlarning kapital taʼmirlash uchun ajratiladigan qismi ham yoʼnaltiriladi.

“Veolia” kompaniyasi tomonidan Loyiha amalga oshirilishi natijasida issiqlik taʼminoti samaradorligi 50 foizga oshadi  hamda issiqlik yoʼqotilishi 44 foizdan 20 foizga pasaytiriladi, yillik tabiiy gaz sarfi 45 foizga, elektr energiyasi sarfi 25 foizga, ichimlik suv sarfi 40 foizga tejaladi. Shuningdek, loyiha davri mobaynida jami 9,2 mlrd m3 tabiiy gaz, 3,1 mlrd kVt elektr energiyasi va 1,1 mlrd m3 ichimlik suvi tejalib, jami 13,6 trln soʼmlik xarajatlar iqtisod qilinishiga erishiladi.

Loyiha ijrosini monitoring qilish uchun Toshkent shahar hokimligida mavjud shtatlar doirasida 4 ta xodimdan iborat davlat-xususiy sheriklik boʼlimi tashkil qilinadi.

You may also like...

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Font Resize