[:uz]

Avval xabar berilganidek, O‘zbekiston Energetika vazirligi, Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi, Osiyo Taraqqiyot  banki bilan davlat-xususiy sherikchiligi (DXSh) shartlari asosida umumiy quvvati 1000 MVt gacha bo‘lgan hamda taxminiy loyiha qiymati 800 mln AQSh dollariga teng fotoelektr stantsiyalarini qurish bo‘yicha maslahat xizmatlarini ko‘rsatishga doir bitim imzolagan edi. (2019 yil 16 avgust)
Kelishuvda kamida 100 MVt quvvatli fotoelektr stantsiyasini qurish bo‘yicha birinchi sinov loyihasini amalga oshirish joyi sifatida Surxondaryo viloyatining Sherobod tumani tanlangandi. Bitimga muvofiq, OTB maslahatchi sifatida ish yuritishi, loyihaning kontseptsiyasi, moliyaviy modeli, loyihaviy-baholash hujjati (TEO), elektr energiyani xarid qilish to‘g‘risidagi bitim (RFQ) tayyorlanishini tashkillashtirishi hamda energetika sohasidagi etakchi mutaxassislarni jalb etgan holda xalqaro tenderni o‘tkazishi ko‘rsatilgan edi.
Shunga muvofiq, joriy yilning 1 fevralь kuni fotoelektr (quyosh) stantsiyasini qurish bo‘yicha birinchi pilot loyihasi boshlangani e’lon qilindi. 20 fevralь holatiga ko‘ra, ushbu loyihaga qiziquvchi kompaniyalar soni 30 ta etdi. Bular sohada ko‘p yillik tajribaga ega etakchi xorijiy kompaniyalar hisoblanadi.   Kompaniyalar geografiyasiga qaraydigan bo‘lsak,  Xitoy, BAA, Saudiya Arabistoni, Qatar,  Hindiston, Tailand, Janubiy Koreya, Turkiya, Frantsiya, Yaponiya, Ispaniya, Italiya va Misr kabi davlatlaridan vakillarni ko‘rish mumkin.
Ma’lumot uchun:  «Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risida»gi yangi qonun talablariga muvofiq, malakali xususiy developer sarmoyadorlarni tanlab olishga qaratilgan ushbu xalqaro tanlov 2020 yil 22 fevraliga qadar davom etadi. Loyiha amalga oshirilishining boshlanishi 2021 yilga mo‘ljallanmoqda.
Loyihaga ko‘ra, amalga oshirish uchun tanlab olingan Surxondaryo viloyati Sherobod tumanida joylashgan maydonda 200 MVt dan kam bo‘lmagan o‘zgaruvchan tok quvvatli fotoelektr (quyosh) stantsiyasi hamda 220 kVt kuchlanishli yangi nimstantsiya va kuchlanishi 220 kVt bo‘lgan «Surxon» nimstantsiyasiga ulanish uchun 52 km uzunlikdagi elektr uzatish liniyasi quriladi.
Qayd etish kerak, OTB O‘zbekiston hukumatiga energetika sohasidagi islohotlarni amalga oshirishda, jumladan, 2013 yilda Quyosh energiyasi institutini ochishdan boshlab, 2014 yilda quyosh energiyasini rivojlantirish bo‘yicha ishlab chiqilgan Yo‘l xaritasini qabul qilish, Energetika sohasi Master planini ishlab chiqish kabi qayta tiklanuvchi energiyani rivojlantirish, O‘zbekistonning quyosh energiyasi imkoniyatlarini baholashga doir tadqiqotlarni amalga oshirishda yordam ko‘rsatib kelmoqda.[:]