[:uz]2019 yilning 16 avgust kuni Moliya vazirligi huzuridagi Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi, Energetika vazirligi, Investisiyalar va tashqi savdo vazirligi, Osiyo Taraqqiyot banki ko‘magida davlat-xususiy sherikchiligi shartlari asosida umumiy quvvati 1000 MVt gacha bo‘lgan hamda taxminiy loyiha qiymati 1 milliard dollarga teng fotoelektr stansiyalarini qurish va ekspluatasiya qilish bo‘yicha maslahat xizmatlarini ko‘rsatishga doir bitim imzolagan edi.

Kelishuvda kamida 200 MVt quvvatli fotoelektr stansiyasini qurish bo‘yicha birinchi loyihani amalga oshirish joyi sifatida Surxondaryo viloyatining Sherobod tumani tanlangan.

Bitimga muvofiq, Osiyo Taraqqiyot banki maslahatchi sifatida ko‘rsatilgan bo‘lib, unga ko‘ra bank tomonidan loyihaning konsepsiyasi, moliyaviy modeli, loyihaviy-baholash hujjati, elektr energiyani xarid qilish to‘g‘risidagi bitim tayyorlanishini tashkillashtirish hamda energetika sohasidagi yetakchi mutaxassislarni jalb etgan holda xalqaro tenderni o‘tkazishi ko‘rsatilgan edi.

Joriy yilning 1 fevral kuni fotoelektr (quyosh) stansiyasini qurish va ekspluatasiya qilish bo‘yicha loyiha boshlangani e’lon qilindi. “Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risida”gi qonun talablariga muvofiq, malakali xususiy operator sarmoyadorlarni tanlab olishga qaratilgan qiziqishni bildirish e’loni 2020 yil 22 fevraliga qadar davom etdi va bunda loyihaga 54 ta yirik xalqaro kompaniyadan qiziqish bildirildi. Bular sohada ko‘p yillik tajribaga ega yetakchi xorijiy kompaniyalar hisoblanadi.

2020 yilning 26 iyun kuni asosiy tenderning 1 bosqichi jarayonlariga start berildi. Bu bosqich 2 oy davom etib, yender g‘olibining aniqlanishi 2020 yilning dekabr oyiga mo‘ljallangan.

Ma’lumot uchun: loyihaga ko‘ra, amalga oshirish uchun tanlab olingan Surxondaryo viloyati Sherobod tumanida joylashgan maydonda 200 MVt dan kam bo‘lmagan o‘zgaruvchan tok quvvatli fotoelektr (quyosh) stansiyasi hamda 220 kVt kuchlanishli yangi nimstansiya va kuchlanishi 220 kVt bo‘lgan “Surxon” nimstansiyasiga ulanish uchun 52 kilometr uzunlikdagi elektr uzatish liniyasi quriladi.

Loyiha qiymati 200 mln AQSh dollari etib baholangan bo‘lib, uning muddati 25 yilni tashkil etadi. Joriy yilning dekabr’ oyida tender g‘olibi bilan shartnoma imzolash rejalashtirildi.[:]